iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.
iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.



Link to original content: https://uz.wikipedia.org/wiki/Repressiya
Repressiya - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Repressiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Repressiya (lotincha: repressio – bosim, tazyiq) – davlat organlari qoʻllaydigan jazo chorasi, qatagʻon qilish. Asosan, mustabid, totalitar, mustamlakachi davlat tomonidan xalqqa nisbatan qoʻllaniladigan jazolash, qatli om, qatli nufus, ommaviy tarzda zulm oʻtkazish tushunchalarini ifodalaydi. Ommaviy jazolash, qiynoqqa solish choralari mustabid davlatlarning xalqni asoratda ushlash, qoʻrqitish, bosim oʻtkazish qurolidir. Mustamlakachi davlatlar oʻzlariga tobe oʻlkalarda xalqning noroziligini, ijtimoiy-siyosiy, ozodlik harakatini bostirish, tag tugi bilan yoʻqotish uchun harbiy, siyosiy, iqtisodiy Repressiya ni qoʻllaganligi tarixdan maʼlum. Mas, chor hukumati Turkistonni bosib olgan birinchi kundan xalqni qoʻrqitish vahimada ushlash siyosatini olib bordi. Dastlab, istilochi general M. Chernyayev 1865-yil Toshkent mudofaasining rahbari Mulla Solihbek dodxoh Toʻyoqbiy oʻglini 2 shartnomaga imzo chekishdan bosh tortgani uchun 8 nafar sherigi bilan sudsiz, soʻroqsiz Tomsk shahriga surgun qilib, Repressiyani qoʻllagan edi. Keyin chor hukumati 1892-yilgi „Vabo qoʻzgʻoloni“ (Toshkent) davrida ham bunday chorani qoʻllab, tinch aholidan bir qancha kishini otib tashladi, qoʻzgʻolon rahbarlaridan Sharifxoʻja qozi Poshoxoʻjayev, Inʼomxoʻja oqsoqol Umarxoʻjayevni surgun qildi. 1898-yil qoʻzgʻoloni bostirilgach (qarang Andijon qoʻzgʻoloni), Mingtepa qishlogʻi toʻpga tutilib, aholisi qirildi, 22 mingdan ortiq kishi oʻldirildi, surgun qilindi. Shuningdek, 1916-yilgi mardikorga olish jarayonida qoʻzgʻolon koʻtargan Toshkent, Jizzax aholisiga nisbatan repressiv choralar koʻrildi. Sobiq shoʻrolar hukumati ham mahalliy xalqlarga qarshi Repressiyalar olib bordi. Turkiston muxtoriyatini bostirish, yer islohotini oʻtkazish, jamoalashtirish davrida minglab odamlar qatagʻonga uchradi, mol-mulklari tortib olindi, juda koʻp oilalar Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibirga surgun qilindi. Oʻzbekistonda 1928, 1929, 1930-yillarda katta siyosiy jarayonga aylangan „Milliy ittihodchilar ishi“, „Badriddinovchilar“, „Qosimovchilar“, „Maorif xalq komissarligi ishi“ kabi Repressiyalar oʻtkazildi. Sovet qukumati sobiq yustitsiya komissarligining „Revolyusion tribunal“ (1917-yil 19 dekabr) instruksiyasi, Xalq Komissarlari Sovetining „Kizil terror“ (1918Y. 5 sentabr), sobiq SSSR MIQ Prezidiumining 1932 va 1934-yillarda qabul qilgan gʻayriinsoniy qonunlari va qarorlari hamda „SSSR prokurorining direktivasi“ (1935-yil 23 yanvar) asosida millionlab kishilar OGPU kollegiyasi, maxsus, „uchlik“, NKVD – MGB – MVD ning maxsus kengashi, harbiy sud tomonidan guvoh, dalil, isbotsiz qamaldi, otildi, surgun qilindi, qoʻshimcha jazo mudsatini oʻtamay vataniga kaytib kelishiga ruxsat berilmadi. 1937—38 yillarda jazoga tortilgan kishilarning mol-mulki musodara qilindi, hatto norasida bolalari ham turli tutkingoxlarda saqlandi. Shu yillarda amalga oshirilgan ruhoniylar, millatchilar ishi bahonasida talaygina adabiyot, sanʼat, ilmfan va din arboblari Repressiya qilindi. Sobiq hukumat bu bilan kifoyalanmay 20-asrning 40—50-yillarida taslimchilik, antisovetchilik bahonasida oʻzbek ziyolilariga qarshi navbatdagi Repressiyani qoʻlladi. 80-yillarda katta shovshuv ostida „Paxta ishi“ nomi bilan yangi Repressiya boshlanib, minglab begunoh kishilar qatagʻonga uchradi.

Prezident I. Karimov Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishishi arafasidayoq shoʻro tuzumi davom ettirib kelayotgan adolatsizliklarga barham berish, haqiqatni tiklash, begunoh qatagʻon qilinganlarni oqlash choralarini koʻrdi. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning Farmoyishi (1999-yil 12 may)ga muvofiq mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish jamoatchilik komissiyasi, Vazirlar Mahkamasining „Vatan va xalq ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyilar xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida“gi qarori (1999-yil 22 iyul) va shu qarorga muvofiq, „Shahidlar xotirasi“ xayriya jamgʻarmasining tuzilishi va Toshkentda „Shahidlar xotirasi“ yodgorlik majmuining barpo etilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Qatagʻon qurbonlarini yod etish kunini belgilash toʻgʻrisida“gi farmoni (2001-yil 1 may) va unga binoan „Qatagʻon qurbonlari xotirasi“ muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qaror (2001-yil 1 may) Repressiyaga uchragan xalqimiz asl farzandlari xotirasini tiklash ishiga katta hissa boʻlib qoʻshildi. Har yili Mustaqillik bayrami arafasi – 31-avgustda Oʻzbekistonda qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni nishonlanadigan boʻldi[1].

  1. Sirojiddin Ahmedov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil