Kashalot
Kashalot (Physeter catodon) — tishli kitlar kenja turkumiga mansub sut emizuvchi suv hayvoni. Uzunligi urgʻochisi 13 m gacha, erkagi 21 m gacha, ogʻirligi 30–70 to'nnagacha bo'ladi. Boshi juda katta, tanasining uchdan bir qismini tashkil etadi. Tanasining old tomoni toʻmtoq. Ingichka va uzun pastki jagʻida 18–30 juft tishi bor; yuqori jagʻida tishi yoʻq. Kashalot qoʻngʻirdan to toʻq jigarrang tusda. Okean va ochiq dengizlarda tarqalgan. Baʼzan Barens dengizi va Kamchatka sohillari yaqinida uchraydi. Kashalot – poligam hayvon. 5 yoshida voyaga yetadi. 50 yilcha yashaydi. Kalmarlar va baliqlar bilan oziqlanadi. Oziq topish uchun 2 km gacha chuqurlikka shoʻngʻishi, suv ostida 1,5 soatgacha turishi mumkin. Iqtisodiy ahamiyati katta. Bitta kashalotdan 9–10 t yogʻ olinadi. Ovlash man etilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |