iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.
iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.



Link to original content: https://uz.wikipedia.org/wiki/Fuqarolik_kodeksi
Fuqarolik kodeksi - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Fuqarolik kodeksi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fuqarolik kodeksi (FK) – fuqarolik huquqlarining eng muhim va asosiy qoidalarini belgilaydigan kodifikatsiyalashtirilgan normalardan iborat qonun hujjati. Fuqarolik Kodeksi fuqarolik huquqining asosiy manbai hisoblanib, fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari unga zid boʻlmasligi kerak. Fuqarolik Kodeksi fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va oʻzga majburiyatlarni, shuningdek, boshqa mulkiy hamda u bilan borlik shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi 2 qismdan iborat boʻlib, uning 1qismi 1995-yil 21-dekabrda, 2-qismi 1996-yil 29-avggustda qabul qilingan. Faqat ikkala qismi ham bir vaqtda – 1997-yil 1-martda kuchga kirgan. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi 6 boʻlim, 71 bob va 1199 moddadan tashkil topgan. Fuqarolik Kodeksining 1-qismida fuqarolik huquqining umumiy qoidalari, tamoyillari, fuqarolik huquqiy munosabatlar subʼyektlari, mazmuni va obʼyektlari, vakillik va ishonchnoma, muddatlar va daʼvo muddati, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, majburiyat huquqining umumiy qoidalari, shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar belgilangan boʻlsa, kodeksning 2-qismida majburiyatlarning alohida turlari hisoblangan fuqarolik huquqiy shartnomalarni, shartnomadan tashqari majburiyatlarni, intellektual mulk huquqi obʼyektlari bilan bogʻliq munosabatlarni, vorislik huquqini va xalqaro xususiy huquq normalarini fuqarolik xuquqiy munosabatlarga tatbiq etilishini tartibga soluvchi qoidalar mustahkamlangan.