O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unov mamlakatning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili ham bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

IHT bosh kotibi doimiy vakilning ishonch yorliqlarini qabul qilib, uni ushbu lavozimga kirishishi bilan tabrikladi va mas’uliyatli missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, ta’lim, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Tashkilot bosh kotibi O‘zbekiston “islom ummati birligini mustahkamlash, barqaror rivojlanish, ta’lim va madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim rol o‘ynashda davom etayotgani, bu esa uni IHT maqsadlarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biriga aylantirayotgani"ni ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Nodirjon Turg‘unov mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi yangi elchisi etib tayinlangandi. U 2018−2024-yillarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulug‘bek Maqsudov o‘rninin egallagan.

Turg‘unov 2016-yildan beri Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi. O‘tgan yillar davomida TIVning Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2019−2021-yillarda O‘zbekistonning Oqtov shahrida (Qozog‘iston), 2021−2024-yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul bo‘lib ishlagan.