iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.
iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.



Link to original content: http://uz.wikipedia.org/wiki/Salavkiylar
Salavkiylar - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Salavkiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Buyuk Iskandar imperiyasining Ipsdagi jangdan keyingi (mil.av. 301-yil) boʻlinishi; sariq rang bilan Selevkiylar imperiyasi koʻrsatilgan

Salavkiylar sulolasi, mil.av. 312 — 64-yil Gʻarbiy Osiyoda ellinlik (yunon-makedon) davlatlarining biriga hukmdorlik qilgan. Poydevorini Selevk I Nikator qalagan. Poytaxti — Selevkiya, keyinchalik Antioxiya boʻldi. Selevkiylar sulolasini davlatining tarkibiga Suriya, Mesopatamiya, Kichik Osiyoning bir qismi, Eron togʻli oʻlkasi, Markaziy Osiyoning bir qismi kirdi. Davlatda dehqonchilik, chorvachilik, uzum yetishtirish, toʻqimachilik, metalga ishlov berish, hunarmandchilik yaxshi rivojlandi, katta shaharlari koʻp boʻldi. Selevk I-ning toʻngʻich merosxoʻrlari vaqtida Kichik Osiyoda — Pergam, Kappadokiya, Vifiniya, Pont bo'linib chiqdi. Ichki nizolardan Selevkiylar sulolasi zaiflashib, ko'pgina hududlaridan ayrilib qoldi. Mil.av. 66-yili Selevkiylar sulolasi davlatining eng so'ngisi (Suriya) Rim provinsiyasiga aylandi.[1]

Salavkiylar davlati - Yaqin va Oʻrta Sharkdagi yirik davlat (mil. av. 312—64). Aleksandr tuzgan saltanat tanazzulga uchragach paydo boʻlgan. Asoschisi Salavk I. Poytaxtlari — Dajla daryosi boʻyidagi Salavkiya (300 yilgacha), 300 yildan — Oront daryosi boʻyidagi Antioxiya boʻlgan. Davlatning nomi hukmronlik qilgan sulola nomidan olingan. Baʼzan, asosiy hududining nomi bilan Suriya podsholigi deb ham yuritilgan. Salavk I Midiya, Suziana, Forsiya (Persida) keyinchalik Oʻrta Osiyoning jan. — Baktriyanp bosib olgan. Mil. av. 301-yil Mesopotamiya va Suriya, mil. av. 281-yil Kichik Osiyo ham Salavkiylar davlatiga qoʻshib olingan. Salavkiylar davlati hududidan oʻtgan savdo yoʻllari (Kichik Osiyo va Suriyani Arabiston, Fors qoʻltigʻi, Oʻrta Osiyo, Hindiston va Xitoy bilan bogʻlagan) ichki va tranzit savdoning kuchayishi va hunarmandchilikning rivojlanishiga sabab boʻldi. Salavk I mil. av. 293 yilda oʻgʻli Antiox I ni Oʻrta Osiyo yerlariga hokim etib tayinlaydi. Oʻrta Osiyoning bir qancha muhim siyosiy va ijtimoiyiqtisodiy voqealari Salavk I, ayniqsa, Antiox I hukmronligi bilan bogʻliq. Bu davrda Baqtriya hayotida dastlabki tangalar — oltin, kumush, mis draxma va tetradraxmalar zarb qilina boshlanadi. Salavkiylar davriga oid tangalar Termiz, Taxti Sangin, Denov, Kampirtepa, Afrosiyobdan topilgan. Salavkiylar davlati markazidan chetda boʻlishiga qaramay, Oʻrta Osiyo ushbu davlatning eng muhim qismi boʻlib, harbiystrategik va iqtisodiy ahamiyatga ega edi. Oʻrta Osiyo boʻylab oʻtgan savdo yoʻllari boʻyida shaharlar va qishloklar qurdirilgani bejiz emas. Maʼmuriy boshqaruv jihatdan davlat satrapiyalarga (manbalar 20—30 ta dan 72 tagacha satrapiya boʻlganligi haqida maʼlumot beradi) va nisbatan kichik hududiy birlashmalar — eparxiya, gipparxiya, tonarxiyalarga boʻlingan. Yunon hokimlari va ular atrofida toʻplangan yunon zodagonlar bilan birga mahalliy zodagonlar ham hokimlik qilar edilar. Salavkiylar hokimiyati, avvalo, Oʻrta Osiyodagi harbiy manzilgohlarda joylashgan harbiy kuchlarga tayanar edi. Mil av. 3-asrning oʻrtalariga kelib Salavkiylar davlatida hokimiyat uchun oʻzaro kurashlar avj olib ketadi. Bu esa Oʻrta Osiyoda Salavkiylar hokimiyatining barham topishiga olib keldi va mil. av. 250 yilda Salavkiylar davlatidan dastlab Parfiya keyin esa YunonBaqtriya podsholigi ajralib chiqdi. Butun davlat inqirozga yuz tutib mil. av. 64-yil faqat hozirgi Suriya hududidan iborat boʻlib qoldi va oʻsha yili Rim provinsiyasiga aylantirildi. Oʻrta Osiyoning S.d tarkibiga kirgan davri, yunonmakedon yurishlari paytida vayron boʻlgan ishlab chiqaruvchi kuchlarning tiklanishi hamda baqtriyaliklar, sugʻdiylar, parfiyaliklarning bosqinchilarga qarshi birlashuv davri boʻlib qoldi.[1]

Spitamenning oʻlimi va Iskandarning soʻgʻd-baqtriya hukmdorlari bilan tuzgan sulhi natijasida 327 yilda Oʻrta Osiyo Iskandar Zulqarnayn davlati tasarrufiga oʻtadi. Mahalliy elitalarning harbiy kontingenti Iskandar Zulqarnayn armiyasiga qoʻshiladi. 323 yilda Iskandar Zulqarnaynning oʻlimi haqdagi xabarni eshitgan Soʻgʻd va Baqtriyadagi grek kelgindilari 20 ming kishidan iborat piyoda askar va 3 ming nafar otliqni yigʻib oʻz vatanlariga qaytishga otlandi. Ammo ularni toʻxtatish uchun Iskandarning Safdoshi sarkarda Perdik yetib keladi va qochishga shaylangan askarlarni qurolsizlantirib, jazolaydi. Oʻz vatanlariga qaytishga shaylangan grek askarlariga xayrixohlik bildirgan Soʻgʻd hukmdori (strapi) oʻz lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga makedoniyalik Filipp oʻtiradi. Maʼlum muddat u har ikki straplikni - Soʻgʻdiyona va Baqtriyani boshqarib turdi. 315 yildan keyin mahalliy xalq orasidan tayinlangan straplarning hammasi greklar va makedoniyaliklar bilan almashtirildi. Faqat Oksariat (Iskandarning qaynotasi) va Atropat (Perdikning qaynotasi) oʻz lavozimida qoldiriladi. 312 yilda Iskandar sarkardalaridan biri - Salavk Vaviloniyaga ega boʻldi. Tez orada u oʻz yerlarini Sirdaryo va Hind daryolari qadar kengaytirdi. Uning oʻgʻli Antiox I (Salavk bilan Spitamenning qizi Apama nikohidan tugʻilgan) esa Iskandarning Osiyodagi hududlarining katta qismiga egalik qilgan. Oʻrta Osiyo hududida ikkita straplik vujudga keldi. Unga Soʻgʻdiyona, Baqtriya va Margʻiyona kirdi. Xorazm salavkaylarga boʻysunmagan. Ahmoniylarning soʻnggi vakili va Iskandar davrida ham Xorazm oʻz mustaqilligiga ega boʻlgan. Salavk va Antiox Oʻrta Osiyoda oʻz pozisiyalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratgan. Koʻplab qalʼa va shaharlar barpo etilgan va ular asosan greklar bilan toʻla boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Salavk 75 ta shahar qurdirgan. Eng olis shaharlardan biri Yaksart ortida joylashgan Antioxiya shahri boʻlgan. Taxminlarga koʻra, mazkur shahar hozirgi Toshkent viloyati hududida yoki Fargʻona vodiysida joylashgan. Eramizdan avvalgi 3-asrning 60-yillariga qadar Baqtriyada salavkiylarning zarbxonasi saqlanib qolgan. Bu zarbxonada oltin va kumush tangalar zarb etilgan. Salavkiy hukmdorlaridan biri Antiox II ning davrida (earimizdan avvalgi 261-247 yillar) uning Baqtriyadagi strapi Diodot salavkiy tangalar asosida oʻz tangalarini zarb qilgan. Bu uning salavkiylar hukmronligida qandaydir muxtoriyatga ega boʻlganidan dalolatdir. Baqtriya, Soʻgʻdiyona va Oʻrta Osiyodagi boshqa viloyatlarning iqtisodiy hayoti Salavkiylar davlatining gʻarbiy viloyatlaridagidan ancha farq qilgan.

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil