iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.
iBet uBet web content aggregator. Adding the entire web to your favor.



Link to original content: http://uz.wikipedia.org/wiki/Buddaviylik
Buddizm - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Buddizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Buddaviylikdan yoʻnaltirildi)
Dharma gʻildiragi
Buddizm
Madaniyati
Tarixi
Buddistlar
Maktablar
Ibodatxonalar
Matnlar
Portal


Din

Oʻz-oʻzini diniy anglash turlari

Monoteizm  · Dualizm  · Politeizm  · Deizm · Teizm  · Itsizm · Panteizm · Pandeizm

Ibtidoiy dinlar

Totemizm  · Animizm  · Fetishizm  · Shomonizm

Dunyo dinlari

Buddizm · Bahoiylik

Ibrohimiy dinlar

Yahudiylik · Xristianlik · Islom

Dharmik dinlar

Hinduiylik · Jaynizm · Sikhizm · Buddizm

Uzoq Sharqning anʼanaviy dinlari

Daosizm · Konfutsiylik · Sintoizm

Boshqa dinlar

Tangrichilik  · Zardushtiylik

Asosiy gʻoyalari

Tangri · Ruh · Gunoh  · Muqaddaslik · Ruh falsafasi · Iymon  · Dogma · Muqaddas kitoblar  · Oʻlimdan keyingi hayot  · Ibodat  · Ibodatxona

Dinlarning roʻyxati

g · m


Buddizm (Budda nomidan olingan), Buddaviy dini – jahonda keng tarqalgan dinlardan biri (Xristian dini va Islom dini bilan birga). Unga eʼtiqod qiluvchilar taxminan 500 mln.dan ortiq. Miloddan avvalgi 6—5-asrlarda Hindistonda paydo boʻlgan. Markaziy Osiyo, Jan. Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda tarqalgan. Hozirgi kunda buddizm Shri Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kambodja, Vyetnam, Tibet, Butan va Yaponiya kabi davlatlarning asosiy dinidir. Buddizm muayyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, yaʼni jahonning salkam 2/3 qismi aholisi maʼnaviy qadriyatlariga juda katta taʼsir koʻrsatgan. Buddizmda 2 asosiy yoʻnalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda koʻp sekta va mazhablarga boʻlinadi.

Boshqa dinlardan farqli ravishda buddizmda hech bir oʻzgarmas narsa yoʻq, hatto Xudo ham oʻzgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud boʻlib, ularning har biri yoʻqolib, keyingisiga oʻrin beradi. Buddizm taʼlimotiga koʻra, inson doimo azob-uqubatga mahkum va bunga uning oʻzi sabab boʻladi. Zero u, garchand befoyda boʻlsada, oʻz hayoti va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan qutulish uchun koʻngil xush koʻrgan barcha narsalardan oʻzini tiyish darkor. Muntazam ravishda yolgʻondan, oʻgʻrilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan oʻzini tiyish hamda meditatsiya (ongni oliy haqiqatga yetishishga qaratish), „bodxi“, yaʼni „xotirjamlik“ka va oxir-oqibatda nirvanaga (azobuqubatning tugashiga) olib keladi. Nirvanaga yetishish uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha hayotni taqozo etishi mumkin. Buddizm zaminida 3 narsa – Budda(Muqaddaslangan zot), Dharma(taʼlimot) va Sangxa(rohiblar jamoasi)ga eʼtiqod qilish yotadi.

Taʼlimot qisqacha bayoni :

1 – azob uqubat mavjud

2 – azob uqubat sababi – istak mavjud

3 – azob uqubat tugashi – nirvana mavjud

4 – azob uqubat tugashiga olib keluvchi 8 bosqichli yoʻl mavjud

Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2) yolgʻon soʻzlamaslik; 3) oʻgʻrilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi ichimlik ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7) uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8) ommaviy koʻngilxushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland va yumshoq oʻrinda yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik. Rohiblar jamoasi asosan buddizm txeravadasi (aynan – oqsoqollar taʼlimoti)ga xosdir. Maxayanada „haqiqat yoʻli“ har kim uchun ochiq: rohiblarga ham, dunyoviy kishilar (yaʼni oddiy qavm)ga ham; Buddaga eʼtiqod qilinsa, bas. Kengroq qaralganda, Sangxa – muqaddaslik va qudrat xazinasi. Qisqasi, buddizm – Buddaga ergashib, Dharma talablarini bajarish va Sangxa jamoasining aʼzosi boʻlib qolishdir.

Buddizm tarixi 2500-yildan ortiqdavrni oʻz ichiga oladi. Unga dastlab braxmanizm va jaynizmni taʼsiri kuchli boʻlgan. Imperator Ashoka (miloddan avvalgi 3-asr) davrida buddizm kuchli mustaqil din sifatida shakllandi. 9 a. muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan buddizm Hindistonda inqirozga yuz tuta boshladi va pirovardida bu yerda uning oʻrnini xinduizm toʻliq egalladi. Ammo buddizm Shri Lanka, Jan. Sharkiy Osiyo va Markaziy Osiyo orkali Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetga yoyilib ulgurgan edi. Shri Lanka va Jan. Sharqiy Osiyoning materik qismida buddizm txeravadasi (qad. anʼanalarga sodiqlik), Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetda esa maxayana (yangicha yondashuvlar) tarkaldi. 15-asrda Osiyo qitʼasida paydo boʻlgan yevropaliklar buddizm bilan tanishdilar. Ularning baʼzilari buddizmga kirgach, Angliya, Germaniya, AQShda oʻz jamoalarini tashkil etdilar. Xitoylik va yaponiyalik muhojirlar bu eʼtiqodni Gavay orollari va AQShning gʻarbiy sohillariga olib keldilar. Hozirgi paytda AQShga koʻplab yapon va tibet rohiblari hamda olimlarining kirib kelishi natijasida mamlakat boʻylab yirik buddizm jamoalari tashkil topdi. Buddizmning bir necha xalqaro tashkilotlari ham mavjud.

Buddizmda kundalik, davriy, maxsus va bayram marosimlari ado etiladi. Monastir, ibodatxona va xonadonlarda ertalabki va kechki ibodatlar uyushtiriladi. Odatda, 12—13 yoshli oʻspirin 20 yoshgacha, yaʼni balogʻatga yetgunga qadar monastirda rohiblikni oʻtaydi, lekin, taxminan ularning uchdan bir qismi umrbod shu maqomda qoladi. Oddiy qevm yoki dunyoviy kishilarning eng asosiy kundalik vazifasi – rohiblarni ovqat bilan taʼminlashdir. Bu bilan ular xayrli xizmat qilgan boʻladilar.

20-asrda jahon boʻylab dunyoviy kishilarni ushbu dinga jalb etish odat tusiga kirdi. Hatto Hindistonning oʻzida ham buddizm dunyoviy shaklda qayta tiklanmoqda. Yaponiyada dunyoviy kishilar „sinsyuko“ („yangi dinlar“) deb atalgan oqimlarni (Rossiyada katta shovshuvga sabab boʻlgan „Aum sinrikyo“ shulardan) tashkil etmoqdalar. Amerikadagi „yangi buddizm“ jamoalari asosan dunyoviy kishilardan tarkib topgan.

Oʻzbekistonda bitta buddizm jamoasi rasmiy ravishda faoliyat koʻrsatadi.

Ahadjon Hasanov[1].

Budda haykali, Tayland.

Buddizm yoki Buddaviy dini - dharmik din hamda falsafiy oqimdir. U shuningdek Budda Dharma (sanskrit tilida „Uygʻonganning taʼlimoti“) deb ham ataladi.

Buddaviy dini paygʻambari – mil. avv. V asrda Siddharta Gautama; keyinchalik Gautamani „Budda“ – uni maqomi bilan atay boshlashgan.

Buddizm asoschisining shaxsi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buddizm tarixi tadqiqotchilari mavjud manbalar asosida bu oqim asoschisi real tarixiy shaxs ekanligini taʼkidlaydilar. Bu taʼlimot toʻgʻrisida xabar beruvchi adabiyotlarda u Siddxartxa, Gautama (Gotama), Shakyamuni, Budda, Tadxagata, Jina, Bxagavan kabi ismlar bilan zikr etiladi. Bu ismlar maʼnolari quyidagicha: Siddxartxa – shaxsiy ism, Gautama – urugʻ nomi, Shakyamuni – „Shakya qabilasidan chiqqan donishmand“, Budda – „nurlangan“, Tadxagata – „shunday qilib, shunday ketgan“, Jina – „gʻolib“, Bxagavan – „tantana qiluvchi“. Ular ichida eng mashhuri „Budda“ boʻlib, shundan ushbu dinga buddizm nomi berilgan.

Buddizm taʼlimoti, asosan, uch qismdan iborat: 1) axloq; 2) meditatsiya; 3) donolik.
1. Axloq normalari – „Pancha shila“ (Buddaning besh nasihati):

  • qotillikdan saqlanish;
  • oʻgʻrilikdan saqlanish;
  • gumrohlikdan saqlanish;
  • yolgʻon, qalbaki narsalardan saqlanish;
  • mast qiluvchi narsalardan saqlanish.

2. Meditatsiya.

  • toʻgʻri tushunish (toʻgʻri eʼtiqod qilish) – Buddaning birinchi daʼvatida soʻz yuritilgan toʻrt haqiqatni bilish va unga ishonish;
  • toʻgʻri niyat qilish – dunyoviy lazzat-halovatlardan xalos boʻlishga, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar yetkazib qoʻyishdan saqlanishga intilish;
  • oʻzini toʻgʻri tutish – oʻziniki boʻlmagan narsaga koʻz olaytirmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik;
  • toʻgʻri anglash – oʻz tanasi va ruhiga oʻzini yoʻqotib qoʻymaydigan darajada nazoratda boʻlish hamda bunda ehtiroslar va iztiroblarga chek qoʻyish;
  • toʻgʻri harakat qilish – oʻzidagi yomon tuygʻularni jilovlash hamda ezgu tuygʻular va harakatlarni rivojlantirish;
  • toʻgʻri hayot kechirish – noʼmaqul hayot tarzidan saqlanish;
  • toʻgʻri fikr yuritish – kamolotning toʻrt bosqichini ketma-ket bosib oʻtish;
  • toʻgʻri gapirish – yolgʻondan, tuhmatdan, haqoratdan va befoyda gaplardan saqlanish.

3. Donishmandlik – bu buddizmning asosiy maqsadi boʻlib, narsalar tabiatini toʻgʻri tushunishdan iborat.

Yuqorida koʻrsatilgan uch amaliyot bosqichini oʻtagan inson oxir-oqibat oliy saodatga, yaʼni nirvana holatiga erishadi. Nirvana soʻzining lugʻaviy maʼnosi – „oʻchish, soʻnish“. Unda hayotning har qanday koʻrinishiga intilish yoʻqoladi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil